Главная » Доска объявлений » SALAT VA TAOMLAR » O'ZBEK MILLIY TAOMLARI |
KULCHALAR VA NONLAR
Информация | | 26.01.2015, 10:47 |
Patir non Qadim zamonlardan to hanuzgacha yetib kelgan bu non ramziy ma'nolarni ham anglatib aziz mehmon va to'y dasturxonining ko'rki hisoblangan. Dasturxonda patir bo'lsa mehmondorchilik uchun maxsus tayorgarlik ko'rilganini anglatgan. Uni katta qilib yasab, yopilishi ko'pchilik tomonidan iste'mol etilishiga mo'ljallanganligini bildiradi. Nikoh to'ylari oldidan kuyov tomon - qudalar albatta patir yopib kelganlar. Dastuxonda patir ushatilishi, qiz tomonning to'yga rozilik alomatini bildirgan. Iliq sutda xamirturush va tuzni eritib, dog'lab sovutilgan qo'y yog'i yoki sariyog' qo'shib yaxshilab aralashtirasiz. So'ngra oz - ozdan un solib qattiq xamir qorasiz, uzoq muddat mushtlab pishitganingizdan so'ng o'rab issiqroq joyda oshguncha qoldirasiz. Ko'pincha xamirdan 500 grammli bo'laklar uzib olib, zuvalalar yasaladi. Har bir zuvalani taxta ustiga qo'yib bir yonidan chap qo'l bilan o'zingizga qaratib burab aylantirib, o'ng qo'lda qirg'og'ini pichoq bilan tilib kungura solasiz, tepasini ham kesishma chiziqli qilib tilib chiqasiz. Ana shunday tayorlangan zuvalalarning tepasidan musht bilan ezib, so'ng barmoqlarni chaqqon ishlatib lagan kattaligida non yasaysiz. Nonning chetlari 3 - 4 sm qalinlikda, o'rtasi esa 1 sm keladigan bo'lsin. O'rtasiga juda zich qilib chikich urasiz va yuziga sedana sepasiz. Hamma zuvalalardan patir yasab bo'lgach, yuziga dasturxon yopib 15 - 20 minut tindirib qo'yasiz. Shu muddat ichida tandirga o't qo'yib qizigach, cho'g'ni o'rtaga to'plab, ustiga kul tortasiz, tandir devorlariga va patirning teskari tomoniga xiyol namakob surtib, chaqqonlik bilan yopishtirasiz. Patir tandirda obi nonga qaraganda uzoqroq ushlanadi. Yopilgan nonning sirti bir oz qotganda bug' hosil bo'lishi uchun suv sevalaysiz va cho'g'ning yuzini ochasiz, ba'zan tandirning qopqog'ini bir oz muddat berkitib dimlanadi. Pishganligi sirti qizarganidan aniqlanadi. Tandirdan uzib olgach, issig'ida yuziga bir bo'lak eritilmagan dumba yog'i surtsangiz chiroyli chiqadi. Masalliq: 1 kg oq un, 1 stakan iliq sut, 40 gr xamirturush, 150 gr eritilgan qo'y yog'i yoki sariyog', 2 choy qoshig'ida tuz, yuziga sepish uchun 1 choy qoshigida sedana kerak. Yog`li kulcha Xamir qorilishi va yopib pishirilishi patirning o'zginasi, biroq kichikroq - 150 gr zuvalachalar olib yasaladi. Masalliq: 1 kg oq un, 1 stakan iliq sut, 40 gr xamirturush, 150 gr eritilgan qo'y yog'i sariyog', 2 choy qoshig'ida tuz va 1 choy qoshig'ida sedana kerak bo'ladi. Lochira non To'y, bayram va aziz mehmon dastuxoniga atab Toshkentda pishiriladigan qadimiy nonning bir xili. Sut bilan tuxumni iylab, bunga tuz va eritilgan qo'y yog'I yoki sariyog' qo'shasiz. Ana shu suyuqlikka qisim - qisimlab un solib xamir qorasiz. Xamirni zuvala qilib, sochiqqa o'rab 10 -15 minut tindirib olasiz. So'ngra 200 grammli bo'laklarga bo'lib, qalinligi 1 sm, tekis qilib juvada yoyasiz, hoshiyasini esa bo'rttirmaysiz. Qirg'oqlarini pichoqda shesteryonkaga o'xshatib kesib chiqasiz, yuziga goh chikich urib, goh chimchilab gul solasiz. Sopsiz cho'yan tovani yog'lab, lochirani solasiz, chetini tovaning chetiga moslab bukasiz, toki non tova shaklini olsin. Duxovkani 300 gradusgacha qizdirib, nonni tovasi bilan qo'yib sirti qizarguncha pishirasiz. Yuzi yaltiroq chiqishi uchun iylangan tuxum surtsangiz ham bo'ladi. Dasturxonga tortganda tova shaklida bo'lgan nonga qand -qurs yoki meva - cheva solib keltirasiz. Masalliq: 1 kg oq un, 1 stakan sut, 1 dona tuxum, 1 stakan eritilgan qo'y yog'i yoki sariyog', 2 choy qoshiqida tuz solinadi. Qatlama patir Bu xil patir non Buxoro, Qashqadaryo, Surxandaryo, vohalaridagi qishloq joylarda to'y va mehmon dasturxoni uchun qadimdan tayorlab kelinadi. Bular orasida eng mashhuri Qarshi qatlamasi bo'lib, ancha katta, diametri 50 - 60 sm qilib yasaladi. Suv yoki sutda xamir qorasiz, zuvala qilib o'rab olib qo'yasiz. 12 - 15 minutlardan so'ng tingan xamirni jova hamda o'qlov yordamida 1 - 2 mm li qilib yoyasiz. yoymaning yuziga qaymoq (sariyog', maska yog' yoki eritilgan qo'y yog'i) surib o'qlovga o'raysiz - da, uzunasiga pichoq bilan tortib kessangiz, eni 4 - 5 sm keladigan tasmalar hosil bo'ladi. Tasmalarning 4 - 5 tasini bir - biri ustiga qatlab, serpantin qilib yumalatib (o'rab) taxtaga qo'yib, jo'va bilan qalinligi 1 sm keladigan qilib yoyasiz. Yuziga bir tekis chakich urib, tandirda boshqa nonlar kabi pishirasiz. Masalliq: 1 kg oq un, 2 stakan suv, 2 choy qoshig'ida tuz, xamir yuziga surtish uchun 300 gr qaymoq yoki 200 gr sariyog' kerak bo'ladi. | |
Просмотров: 859 | |
Всего комментариев: 0 | |